17 dekabr kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 2018 yil boshidan buyon uch millioninchi yo‘lovchisini ro‘yxatdan o‘tkazdi, deya xabar qildi kompaniya matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. Aviakompaniya ilk bor uch millionlik ko‘rsatkichni qayd etdi.

HY334 Dubay-Toshkent qatnoviga ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston fuqarosi Iskandar Fozilov yubiley yo‘lovchi bo‘ldi.

Iskandar Fozilovga uning maxsus yo‘lovchi ekani Dubay shahri aeroportida ro‘yxatdan o‘tayotgan vaqtida ma’lum qilinib, Boeing-787 samolyot bortida ham ekipaj a’zolari nomidan alohida tabriklar e’lon qilindi.

Uch millioninchi yo‘lovchi Toshkent xalqaro aeroportida aviakompaniya vakillari tomonidan tantanali ravishda kutib olindi.

Iskandar Fozilovga esdalik sovg‘alari, jumladan, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi samolyotining maxsus maketi va istalgan yo‘nalishga aviachipta sertifikati taqdim etildi.

MAK yil so‘ngiga qadar uch million yo‘lovchini tashishni rejalashtirgan edi. Bu 2017 yilga nisbatan 16 foiz ko‘proq demakdir.