Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev sport bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan sharoitlar, sport inshootlarida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarining sifatini o‘rganish maqsadida Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir dastlab Buxoro shahrida Islom Karimov ko‘chasi va Ibn Sino ko‘chasi kesishmasida 4 ming tomoshabinga mo‘ljallab qurilayotgan Universal sport majmuasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi. Prezidentning 2017 yil 10−11 mart kunlari Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi doirasida bergan topshirig‘iga asosan bunyod etilayotgan ushbu sport inshootida 15 dan ortiq sport turi bo‘yicha mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

2018 yilda Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Buxoro viloyatida beshta sport ob’ekti qurildi.

D.Nabiyev dasturga asosan viloyatning eng chekka hududi hisoblangan, Turkmaniston bilan chegaradosh Olot tumanida qurib foydalanishga topshirilayotgan 25×11 m hajmdagi yopiq suzish havzasining ochilishi marosimida ishtirok etdi.

Marosimida so‘zga chiqqan Dilmurod Nabiyev prezident tomonidan respublikamizning eng chekka hududlarida ham sport bilan shug‘ullanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish vazifasi topshirilganini ta’kidlab, foydalanishga topshirilayotgan ushbu suzish havzasi kelajakda yoshlarni suzish sport turiga qiziqishlarini orttirib, ularni nufuzli xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishlarida poydevor bo‘lib xizmat qilishiga hamda Olot tumani aholisini suzish sport turi orqali sog‘lomlashtirishga xizmat qilishi kutilayotganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunga qadar Buxoro viloyatida «Yoshlar haftaligi», «Xotin-qizlar haftaligi», «Mahalla va nuroniylar haftaligi» va «Ta’lim muassasalari haftaligi» davomida 990 ta sport musobaqalari tashkil etilib, ularda 130 nafardan mingdan ortiq kishilar (shundan 43 ming nafar ayollar) ishtirok etishdi. Shuningdek, sport inshootlari va tashkilotlarda yo‘lga qo‘yilgan ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlariga 130 ming nafardan ortiq aholi jalb etildi.