Adliya vazirligida «Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etuvchi organlar tomonidan gerbli guvohnomalarni to‘ldirish qoidalarini tasdiqlash haqidagi buyruq» davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlikning telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Ushbu hujjat bilan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etuvchi organlar tomonidan gerbli guvohnomalarni to‘ldirish qoidalari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, gerbli guvohnomalar fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari qayd etilgan alifboda to‘ldiriladi.

Gerbli guvohnomalarning ustunlariga kiritiladigan yozuvlar fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining tegishli ustunlaridagi yozuvlar bilan bir xil bo‘lishi lozim.

Guvohnoma to‘ldirilgandan so‘ng FHDYO organi rahbari tomonidan imzolanib, muhr bilan tasdiqlanadi.

To‘ldirilgan gerbli guvohnomalarga tuzatishlar kiritishga yo‘l quyilmaydi.

Yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan guvohnoma o‘rniga takroriy berilgan guvohnomaning yuqori o‘ng burchagida «Takroriy» deb belgi qo‘yiladi. Belgi qo‘lda, kompyuter yordamida yoki shtamp bosish orqali qo‘yilishi mumkin.

Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirish, tuzatish yoki to‘ldirish kiritilganda, tegishli o‘zgartirish, tuzatish yoki to‘ldirishlar aks ettirilgan boshqa gerbli guvohnoma beriladi.

Mazkur buyruq 2019 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.