Qashqadaryo viloyatida GTL zavodi qurilishi benzin va neft mahsulotlari narxini tushirishga imkon beradi, deya ma’lum qildi «O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi Bahrom Ashrafxonov shanba kuni Uzbekistan GTL (gas-to-liquid — «gazdan suyuqlik») loyihasi moliyaviy hujjatlarini imzolashga bag‘ishlangan tadbirda.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 13 dekabr kuni Qashqadaryo viloyatiga safari vaqtida odamlar loyiha ishga tushganidan so‘ng benzin narxi arzonlashganini sezishlari lozimligini aytib o‘tgan edi.

«Farg‘ona va Buxoro NQIZ (neftni qayta ishlash zavodi — tahr.) O‘zbekistonda qazib olinayotgan neftda ishlayapti, yetishmagan qismi esa import qilinmoqda. GTL zavodi ishga tushirilishi munosabati bilan bizda aviakerosin va dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu aviakerosin va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish uchun juda ko‘p miqdorda uglevodorod xom ashyosini import qilmasligimizni anglatadi, shuning uchun bu yo‘nalishda import qisqaradi», — dedi Bahrom Ashrafxonov.

«O‘zbekneftgaz» rahbari O‘zbekiston avikerosin va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish uchun import qilinayotgan neft xom ashyosining bir qismidan benzin chiqarishda foydalana olishini qayd etdi. «Bu albatta tan narxining arzonlashuvi hamda benzin va neft mahsulotlari narxlarining tushishiga olib keladi», — dedi u.

Uzbekistan GTL loyihasining asosiy maqsadi — mamlakatning tabiiy gazni chuqur qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish va uglevodorod xom ashyosi importini tubdan qisqartirishdan iborat, deya ta’kidladi neftgaz kompaniyasi rahbari.

Bahrom Ashrafxonov «O‘zbekneftgaz» ish olib borayotgan yangi loyihalarga ham to‘xtalib o‘tdi. «Biz juda ko‘p yangi loyihalar, asosan gazimizdan, tozalangan metandan „metanol va olefinlar“ hamda bimodal mahsulotlar (polietilen) ishlab chiqarishni rejalashtirmoqdamiz», — dedi u.

Shanba kuni «O‘zbekneftga» Uzbekistan GTL loyihasini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlaridan 2,3 mlrd dollar jalb etdi. Loyihaning umumiy qiymati 3,6 mlrd dollar bo‘lib, ularning 740 mln dollarini O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, 570 mln dollarini esa «O‘zbekneftgaz» ajratadi.

Zavod 2020 yilda ishga tushirilganidan so‘ng 3,6 mlrd kub metr gaz qayta ishlanib, 1,5 mln tonna «Yevro-5» standartidagi sintetik suyuq yoqilg‘i, jumladan 311 ming tonna aviakerosin, 742 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 431 ming tonna naft va 53 ming tonna suyultirilgan gaz olish yo‘lga qo‘yiladi.

Loyiha chiqimlarini qoplash muddati yetti yilni tashkil etadi.