Toshkent 8-avtobus saroyi hududidagi «Toshavtota’mirxizmat» avtota’mir korxonasida shanba kuni yuzaga kelgan yong‘in natijasida ikkita avtobusga zarar yetdi.

«Toshshahartransxizmat» kompaniyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, kuzovlarni ta’mirlash markazida taxminan 13:40 da yong‘in chiqqan. Hodisaga payvandlash ishlari olib borishda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik sabab bo‘lgan.

Shaharlararo qatnovchi Mercedes-Benz avtobusini qurshab olgan olov ta’mirdagi MAN shahar avtobusiga ham o‘tgan. Yong‘in yetib kelgan o‘t o‘chirish xizmati xodimlari tomonidan bartaraf etilgan. Yong‘in natijasida ta’mirlash ustaxonasi binosiga ham zarar yetkazgan. Jabrlanganlar yo‘q.

Yunusobod tuman IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi hodisa yuzasidan surishtiruv harakatlarini boshladi. «Toshshaharxizmat"da hodisa tafsilotlarini o‘rganish uchun ishchi guruhi tashkil etilgan.