O‘zbekiston Prezidenti «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoyishni imzoladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Farmoyishga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga bag‘ishlangan vatanparvarlik oyligini 2018 yil 15 dekabrdan 2019 yil 15 yanvarga qadar o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Bu safargi bayram tadbirlari tashkiliy jihatdan oldingilaridan ma’nan va mazmunan farq qilishi ko‘zda tutilgan. Ishchi guruh harbiy-ma’muriy sektorlar bilan hamkorlikda dasturda belgilab berilgan bayram tadbirlarini «Vatan — muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!» degan umumiy g‘oya ostida tashkiliy jihatdan yuksak saviyada amalga oshirish, davlat va jamoat tashkilotlarining rahbarlari tomonidan o‘zlari tahsil olgan oliy ta’lim muassasalari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablarida «Mardlik va jasorat» mavzusidagi darslar o‘tkazishi belgilangan.

Xususan, «Vatanparvarlik oyligi» davomida «Harbiy-vatanparvarlik karvonlari"ning ta’lim muassasalariga tashrifini uyushtirish, o‘spirin yoshlar o‘rtasida «Men, albatta harbiy bo‘laman!» tanlovini o‘tkazish, Yoshlar o‘rtasida «Harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi «Eng yaxshi selfi» tanlovini tashkil etish, harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi «Eng yaxshi mahalla» va «Eng yaxshi Jasorat klubi» tanlovini o‘tkazish kabi ko‘plab vazifalar ko‘zda tutilgan.