Transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, haydovchilarning mast holatda ekanligini aniqlash qoidabuzarlik yuz bergan joyning o‘zida amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Tekshiruv kamida ikki nafar xolis ishtirokida amalga oshiriladi, DYHXX xodimi tomonidan kuzatuv kamerasi (body camera)dan foydalangan holda amalga oshiriladigan tekshiruvlar bundan mustasno.

Haydovchi tomonidan chiqarilgan havodagi etanol bug‘lari konsentratsiyasi ko‘rsatkichi 0,135 milligramm va undan yuqori bo‘lgan hollarda haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Haydovchi texnik vosita yordamida tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortgan yoxud tekshiruv natijalariga e’tiroz mavjud bo‘lgan hollarda uning mast holatda ekanligini aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun tuman va shahar davolash-profilaktika muassasalariga olib boriladi.

Tibbiy tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan taqdirda esa haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 136-moddasiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Tibbiy tekshiruv haydovchi to‘xtatilgan (yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan) paytdan boshlab, uzog‘i bilan bir soat ichida o‘tkazilishi lozim.

Tibbiy tekshiruv natijalari bo‘yicha ikki nusxada bayonnoma tuziladi.

Tekshiruvdan o‘tkazilgan shaxsga, uning talabiga ko‘ra, tibbiy tekshiruv bayonnomasi nusxasi (qog‘oz yoki elektron shaklda) berilishi shart.

Tekshiriluvchida xulosaga nisbatan e’tirozlar mavjud bo‘lgan hollarda u boshqa tibbiyot muassasasida qayta tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishini talab qilishga haqli. Bunda qayta tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish mastlik alomatlari aniqlangan yoki yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan vaqtdan e’tiboran ikki soat ichida boshqa yaqin masofada joylashgan tibbiyot muassasasida amalga oshirilishi lozim.