Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bosh direktori Gay Rayder O‘zbekiston bilan hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

— Tashrifim doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish sharafiga muyassar bo‘ldim. Muzokara do‘stona va konstruktiv ruhda kechdi. Unda hamkorligimiz davomida erishilgan yutuqlar va istiqbolli rejalar yuzasidan fikr almashdik.

O‘zbekiston bilan majburiy mehnatga chek qo‘yish bo‘yicha faol hamkorlik qilib kelmoqdamiz. O‘zaro anglashuv va ishonch asosida olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida ushbu masalalar bo‘yicha yutuqlarga erishyapmiz. Qayd etishni istardimki, bugun XMT yurtingizda mehnat munosabatlarida amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Safar doirasida «Barqaror taraqqiyot maqsadlari doirasida munosib bandlikni ta’minlash: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi» mavzusida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdim. XMT tashkil etilganining 100 yilligi arafasida o‘tkazilgan ushbu nufuzli anjuman kelgusidagi faoliyatimiz yo‘nalishlarini va maqsadlarini belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi Gay Rayder.