O‘zbekiston va Vengriya 14 dekabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan biznes forumda 46,5 mln dollarlik oltita bitimni imzoladi, deya xabar qildi O‘zbekiston investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Navoiy viloyati hokimiyati va Hunland kompaniyasi yirik shoxli chorva mollarini yetishtirish bo‘yicha 30 mln dollarlik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Vengriya va O‘zbekiston agromutaxassislari ekishga mo‘ljallangan sabzavot urug‘larini yetishtirish bo‘yicha korxonani tashkil etishga jalb etiladi. Agrologistics Central Asia va Szentesi-Mag kompaniyalari o‘rtasida 10 mln dollarlik shartnoma imzolandi.

Hamkorbank, Andijan Exclusive Invest va InnovaSter-Trade kompaniyalari bodring, tomat, makkajo‘xori va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etish bo‘yicha 3 mln dollarlik bitimni imzoladi.

Golden Lake Fish va Hun-bas Invest kompaniyalari To‘dako‘l ko‘lida baliq yetishtirish va uni qayta ishlash uchun 1,6 mln dollarlik majmuani qurish bo‘yicha bitim imzoladi.

Bundan tashqari, Andijan Exclusive Invest va Budagep kompaniyalari o‘rtasida shokolad mahsulotlari uchun mevalarni qayta ishlash bo‘yicha uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha 300 ming dollarlik shartnoma imzolandi.

«O‘zsharobsanoat», «Shoxrud» va Hun-bas Invest korxonalari 1,6 mln dollarga eman bochkalarini ishlab chiqarish bo‘yicha korxona tashkil etish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.

2019 yil 5−6 mart kunlari Budapeshtda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.