Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari O‘zbekistonga noqonuniy ravishda dizel yoqilg‘isini olib kirmoqchi bo‘lgan qo‘shni davlat fuqarosini to‘xtatishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Shovot» chegara bojxona posti orqali kirib kelayotgan qo‘shni davlat fuqarosi Sh. M boshqaruvidagi Volvo rusumli yuk avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Tekshiruv davomida tirkamaning tag qismiga qo‘lbola usulda payvandlab o‘rnatilgan qo‘shimcha bakda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan, bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida aytilmagan, umumiy qiymati salkam 11 million so‘mni tashkil etgan jami 2 tonna 200 litr dizel yoqilg‘isini mamlakatimiz hududida qayta sotish maqsadida yashirincha olib kelayotganligi bojxonachilarimiz tomonidan fosh etildi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Xorazm viloyati bojxonachilari tomonidan 10 ta holatda 4 tonna, 25 mln. so‘mlik yoqilg‘i-moylash mahsulotlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.