Qashqadaryoga safar qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya hamda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining filiallariga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident 2017 yil 24−25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Qarshi shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya hamda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining filiallarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. O‘tgan qisqa vaqtda yonma-yon joylashgan ikki yirik markaz qurib bitkazildi.

Davlat rahbari 13 dekabr kuni bu yerga tashrif buyurib, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy texnika va uskunalarni ko‘zdan kechirdi.

120 o‘rinli Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialiga dunyoda eng yangi chiqqan tashxis va davolash apparatlari olib kelindi. Reabilitatsiya va yurak ishemik kasalliklari, surunkali yurak yetishmovchiligi va aritmologiya, arterial-gipertenziya, rentgen-endovaskulyar jarrohlik, kardiojarrohlik, qabul-diagnostika kabi bo‘limlar, kunlik 100 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Germaniya, Rossiya kabi davlatlarda tahsil olgan malakali shifokorlar ishga jalb qilindi. Ular o‘z tajribasi va bilimlarini viloyatdagi hamkasblariga ham o‘rgatadi.

Markazda koronarografiya, ventrikulografiya, tomirlar angiografiyasi, koronar tomirlarni stenlash, ballonli valvuloplastika, bo‘lmachalararo va qorinchalararo to‘siq nuqsonlarini okklyuder yordamida bartaraf etish, aortakoronar shuntlash, yurak orttirilgan nuqsonlaridan klapanlarni protezlash, aorta va uning shoxlarida, yurak tug‘ma nuqsonlarida qilinadigan jarrohlik amaliyotlari bajariladi. Bu tibbiyot turizmi rivojlanishiga ham hissa qo‘shadi.

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya markazi filiali ham Qashqadaryo uchun juda zarur edi.

Shu paytgacha bunday tibbiy xizmati viloyat endokrinologiya dispanserida ko‘rsatilib, jihozlari, davolash tizimi eskicha edi.

Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan 150 o‘rinli yangi shifoxona endokrinologik kasalliklarni profilaktika qilish va samarali davolashga xizmat qiladi. Bu yerda yiliga 700−800 jarrohlik amaliyotini o‘tkazish mumkin.

Yangiliklardan yana biri — Diabet maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani. Mazkur maktabda malakali hamshiralar qandli diabetga chalingan bemorlarga o‘z-o‘zini nazorat qilish, kasallikning kelib chiqish omillari, uning oldini olish yo‘llari, bolalarga esa non birligiga asosan to‘g‘ri ovqatlanish tartibi o‘rgatiladi.

Bu markazlar boshqa shifoxonalarga namuna bo‘lishi kerak. Faqat kasallarni davolash bilan cheklanmasdan, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha xastaliklarning oldini olish, buning uchun aholining tibbiy madaniyatini oshirish zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident mazkur tibbiyot muassasalariga malakali mutaxassislarni jalb qilish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish qamrovi va sifatini yanada oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.