Qashqadaryo viloyatiga safar qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev 14 dekabr kuni Qarshi shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qashqadaryo iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish, odamlarni ish bilan ta’minlash yo‘llarini ko‘rsatib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

— Ijtimoiy masalalarni hal qilish uchun avvalo iqtisodiyotni rivojlantirish kerak. Shu bois 2019—2020 yillarda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda amalga oshiriladigan 1 ming 200 dan ziyod loyiha bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yilda viloyatga 63 mingdan ziyod xorijlik sayyoh kelgani, lekin bu juda kamligi qayd etildi. Bu sohadagi barcha imkoniyatlarni ishga solish, Shahrisabzni festivallar shahriga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Qishloq xo‘jaligidagi natijalar qoniqarsizligi, paxtachilikda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani tanqid qilindi. Kelgusi yili viloyatda paxta yetishtirishni 52 foiz maydonda klaster usuliga o‘tkazish, tayyor mahsulotlar eksportini ikki barobar oshirish vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari Yakkabog‘, Qamashi, Shahrisabz, Kitob tumanlarida 10 ming gektar maydonda uzum, Chiroqchi va Koson tumanlarida 20 ming gektar lalmi yerda tarvuz yetishtirish imkoniyatlarini ko‘rsatib o‘tdi. Dehqon xo‘jaliklari va tomorqalarga no‘xat, mosh, loviya, kunjut kabi bozorbop mahsulotlar ekish odamlarga ish, qo‘shimcha daromad bo‘lishini ta’kidladi.

Prezident videoselektor orqali tumanlardagi odamlar bilan muloqot qilib, ularning taklif va istaklarini bajarish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.