«[Mamlakat hukumati bilan] birgalikda biz O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berishga yutuqqa erishdik Bir necha yillar avval biz bunday natijalarni erishib bo‘lmas deya ayta olar edik», — dedi Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder.

XMT rahbari ushbu so‘zlarni 14 dekabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Mehnat sohasi kelajagi: munosib bandlikni ta’minlash bo‘yicha tashabbuslar» xalqaro anjumanidagi nutqida aytib o‘tdi.

«Mening Toshkentga tashrifim XTM birgalikda ishlash, O‘zbekiston bilan aloqalarni rivojlantirish va O‘zbekistondagi islohotlarga yordamlashish uchun manfaatdor tomonlarni jalb qilish istagida ekanini anglatadi», — deya ta’kidladi Gay Rayder.

U ijtimoiy adolat bo‘yicha mahalliy va xalqaro statistikadan ham misol keltirib o‘tdi. «Bugun butun dunyoda qariyb 200 million kishi ish joyiga ega emas, kambag‘allik 700 milliondan ortiq kishi uchun ayni haqiqat hisoblanadi», — dedi XTM bosh direktori.

Uning ma’lum qilishicha, Yevroittifoqda 20 foizdan ziyod aholi qashshoqlik va ijtimoiy adolatsizlik xavfi ostida qolmoqda.

«O‘zbekistonda 12 foizga yaqin aholi qashshoqlik bo‘sag‘asida yashamoqda, shuning uchun ijtimoiy adolatga munosabat bo‘yicha XTMning vazifasi mamlakatning butun salohiyatini umumlashtirish va ijtimoiy ne’matlar adolat bilan taqsimlanishiga erishishdan iborat. Biz adolatsizlik muammolariga qarshi kurashishimiz lozim», — dedi Gay Rayder.

XTM bosh direktori yangi mehnat bozori ijtimoiy himoya va munosib mehnat bilan ta’minlashning yangi modellari, qoidalari va standartlarini ishlab chiqishni taqozo etayotganini aytib o‘tdi.

«Biz qo‘rquv bilan to‘qnash kelmoqdamiz, biroq bu qo‘rquv ish o‘rnini yo‘qotish mumkinligi emas, balki insonparvarlik va qadr-qimmatning yo‘qotishi bilan bog‘liq», — dedi tashkilot rahbari.

Uning fikricha, ko‘pchilik bugungi kunda jamiyat har doim ham ilm-fan yutuqlari va mehnat bozoridagi innovatsiyalarni adolat bilan qabul qila olmasligidan xavfsiramoqda.

Anjumanda o‘nlab mamlakatdan mehnat bo‘yicha mahkamalar, BMTTD, YeXHT, YUNISEF, Xalqaro migratsiya tashkiloti va Osiyo taraqqiyot bankidan 100 nafarga yaqin vakil ishtirok etdi.