Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekistonda tashrif bilan bo‘lib turgan Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston 1992 yildan buyon Xalqaro mehnat tashkilotining to‘la huquqli a’zosidir. Bugungi kunga qadar tashkilotning 14 konvensiyasi, jumladan, 8 asosiy konvensiyasi ratifikatsiya qilingan. 2017 yildan boshlab 2020 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan «Munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturi» amalga oshirilmoqda.

Ushbu dastur doirasida O‘zbekiston mehnat qonunchiligini takomillashtirish, fuqarolarning mehnat huquqlaridan xabardorligini, huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha tadbirlar olib borilmoqda, mehnat qonunchiligini buzish holatlari yuzasidan tezkor chora ko‘rishga qaratilgan muloqot mexanizmi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Joriy yilda O‘zbekistonda Xalqaro mehnat tashkilotining milliy koordinatori ofisi ochildi.

Uchrashuvda XMT bilan barcha masalalar, jumladan, yangi yo‘nalishlar yuzasidan konstruktiv muloqotni davom ettirish va sheriklik munosabatlarini kengaytirishga ikki tomon ham tayyor ekani ta’kidlandi.

Mehmon O‘zbekiston mehnat qonunchiligi normalari xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirilayotgani, O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan XMT konvensiyalarini 2018−2020 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilinganiga yuksak baho berdi.

Uchrashuvda sheriklikni yanada kengaytirish muloqotni faollashtirish uchun mustahkam zamin yaratishiga, O‘zbekistonda Bandlik milliy strategiyasini ishlab chiqishda XMT tajribasidan samarali foydalanishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Tashkilot bilan uzoq muddatli hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va qabul qilish, O‘zbekiston tomonidan XMT konvensiyalarini ratifikatsiyadan o‘tkazish ishlarini davom ettirish, mehnat munosabatlari sohasida mutaxassislarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish, kasaba uyushmalari va Ish beruvchilar konfederatsiyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.