O‘zbekiston ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Nazarmuhammedov juma kuni Oliy Majlis Senatining 17-yalpi majlisida mamlakatdagi kriminogen vaziyat to‘g‘risida hisobot bilan so‘zga chiqar ekan, IIV tizimidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurash masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

IIV rahbariyatiga senator Abduqodir Toshqulov savol bilan murojaat qildi. IIV xizmat avtomobillari davlat raqamlaridagi VSF harflarini jamoatchilik kengaytirib, «Vatanning sodiq farzandlari» deb atashini tilga olar ekan, yaqinda Termiz IIO xodimi xizmat avtomobilida YPX xodimini urib ketgani hodisasini esga oldi. Senator IIV bu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha nimalar amalga oshirayotganiga qiziqdi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar ichki ishlar organlari obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etdi.

«IIVning 120 ming kishilik shaxsiy tarkibi orasida poraxo‘rlikka qo‘l uruvchi nohalol xodimlar bor. Butun ichki ishlar organlarini sharmanda qiluvchi huquqbuzarliklar sodir etilgan holatlar ham bo‘ldi», — deya tan oldi u.

2018 yilning 11 oyi davomida 6887 nafar xodim huquqbuzarlik sodir etib, ularning 1283 nafari ma’muriy, 165 nafari jinoiy javobgarlikka tortildi. 1700 holatda profilaktika inspektorlari, 829 ta holatda — yo‘l harakati xavfsizligi va 743 holatda — turli darajadagi rahbar xodimlar huquqbuzarlik sodir etdi.

Davron Nazarmuhamedov IIV tuzilmasining har bir darajasida shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi faoliyat ko‘rsatayotgani, ular shaxsiy tarkib bilan ishlayotganini ma’lum qildi. «Mazkur tizim butunlay yangilandi, yangi rahbarlar tayinlandi. Har majlisda biz shaxsiy tarkib, intizomga rioya qilish masalasini muhokama qilamiz. Vazirimizning [Po‘lat Bobojonovning] rahbarlar tarkibiga asosiy talabi — bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat», — dedi u.

«Statistikaga qaraydigan bo‘lsa, bu kabi huquqbuzarliklar 60 foizga kamaygan. Ammo bu statistika bo‘lmasligi kerak», — deya yakun yasadi Davron Nazarmuhamedov.