Qashqadaryoga safar qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Qarshi shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, sektorlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda bir qator hududlardagi hokimlar almashdi.

Qamashi tumani hokimi Faxriddin Omonovich Do‘stmurodov o‘rniga Sherali Sanayev yangi rahbar etib tayinlangan. Sanayev shu kungacha Bekobod tumani prokurori sifatida ishlab kelayotgandi.

Yakkabog‘ tumani hokimi Jahongir Abdujalilovich Boboyev ham lavozimdan ozod etilib, uning o‘rniga Qashqadaryo viloyati o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Shomurod Donayev yangi hokim etib tayinlangan.

Koson tumani hokimi Baxtiyor Eshitemirovich Rajabov ishdan olinib, uning o‘rniga Qashqadaryo viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Asror Boyqorayev yangi rahbar bo‘lgan.

Shahrisabz shahri hokimi Ismat Nusratovich Nusurov ham ishdan olinib, uning o‘rniga «O‘zsanoatqurilishbanki» boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari To‘lqin Karimov yangi hokim sifatida ish boshlagan.

Prezident shuningdek Ichki ishlar vaziri bilan Boshprokurorga sektor rahbarlarini ish joyini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.