Professional bokschi Shohjahon Ergashev bugun Rossiyaning Krasnodar shahridagi «Olimp» sport saroyida faoliyatidagi navbatdagi jangini o‘tkazadi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur bahsda Shohjahon argentinalik Nazareno Gaston Ruiz raqiblik qiladi. Bungacha Ergashev ugandalik Badru Lusambiya bilan jang o‘tkazishi belgilangandi. Ammo, bir necha kun oldin Shohjahonning raqibi o‘zgardi.

Ma’lumot uchun, Shohjahon shu kungacha professional ringda 15 marotaba jang o‘tkazgan va ularning barchasida g‘alaba qozongan. Bahslarning 14 tasida u raqiblarini muddatidan oldin mag‘lub etgan. Ruiz esa bungacha 49 marotaba ringga ko‘tarilgan va ularning 32 tasiga g‘alaba qozongan (11 ta nokaut). 17 marotaba imkoniyatni boy bergan (2 ta nokaut). Shohjahon hozirda o‘z vazn toifasida WBA International chempionlik kamari sohibi bo‘lib turibdi.