O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 17-yalpi majlisida 18 yoshdan kichiklarga energetik ichimliklarni sotish va ular reklamasiga cheklovlar kiritishga oid qonun qabul qilindi. Hujjat ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni ko‘zda tutadi.

«Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonunning 2-moddasiga quyidagicha qo‘shimcha kiritildi:

«Energetik ichimliklar — kofein miqdori 150 mg/l dan oshuvchi va (yoki) inson organizmiga tetiklantiruvchi ta’sir ko‘rsatish uchun yetarli miqdordagi boshqa komponentlar saqlovchi ichimliklar».

Mazkur qonunning 14-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga energetik ichimliklarni sotish taqiqlandi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 164-moddasiga oltinchi qism qo‘shildi. Unga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga energetik ichimliklar sotgan fuqarolar eng kam ish haqining 5 dan 10 barobarigacha, yuridik shaxslar esa 7 dan 15 barobariga qadar jarimaga tortiladi.

«Reklama to‘g‘risida"gi qonunga qo‘shimcha 22−1-modda kiritildi. Unga ko‘ra, energetik ichimliklarni reklama qilishda bunday ichimliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish zararligi hamda kimlarga tavsiya etilmasligi haqida ogohlantirish bo‘lishi lozim.

Reklamada ichimliklarni iste’mol qilish jarayoni ko‘z-ko‘z qilinmasligi va mazkur jarayonlar ijtimoiy hayotda va sportda muvaffaqiyatga erishish yoki iste’mol qiluvchi shaxsning jismoniy va psixologik holatini yaxshilashi uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi borasida taassurot uyg‘otmasligi lozim.

Yangi moddaga ko‘ra, «energetiklar"ni televideniye va radio orqali 7:00 dan 22:00 gacha oraliqda reklama qilish taqiqlandi.

Shuningdek, endilikda reklama maqsadida energetik ichimliklarni 18 yoshga to‘lmagan shaxslar o‘rtasida bepul tarqatish ham mumkin emas.

18 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun muhim ahamiyatga ega tadbirlarga homiylik qilishda energetik ichimliklar nomi, tovar belgisi yoki tasvirlaridan foydalanish taqiqlandi.

18 yoshga to‘lmagan shaxslar o‘rtasida energetik ichimliklar nomi, tovar belgisi yoki tasvirlari tushirilgan mahsulotlarni (futbolkalar, bosh kiyimlar, o‘yinlar) tarqatish yoki sotish, bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan bosma nashrlar, shuningdek tibbiyot, sport va ta’lim muassasalarida energetik ichimliklarni reklama qilish qonunan cheklandi.

Voyaga yetmaganlarga energetik ichimliklarni sotishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi 2017 yil oktyabrida ilk bor e’lon qilingan edi.