Toshkentdagi «Wyndham Tashkent» mehmonxonasida davom etayotgan «Islohotlar davrida ommaviy axborot vositalari: axborot transformatsiyasi va kasb etikasi muammolari» mavzusidagi semenar-treningda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov so‘zga chiqdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ma’ruzachi o‘z so‘zida jurnalistlar, bloggerlar va ayrim rasmiy nashrlar tomonidan inson sha’nini hurmat qilish masalasiga yetarli darajada e’tibor qaratilmayotganligi va aybsizlik prezumpsiyasiga rioya etilmayotganini qoraladi.

Shuningdek, Adliya vaziri bunga Toshkent shahridagi Borovskiy kollejida yuz bergan voqeani misol qilib keltirdi. Bundan tashqari Adliya vaziri jurnalistikada kasb etikasi muammolariga to‘xtalib, jinoyatchilik holatlari haqidagi materiallar ba’zi holatlarda antireklama bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi. Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish uchun Adliya vaziri OAVni o‘zaro hamkorlikka chaqirdi.

Bundan tashqari Ruslanbek Davletov o‘z nutqida ijtimoiy tarmoqlarning jamiyatdagi muammolarni dadil ko‘tarib chiqayotgani, ammo bu o‘rinda ba’zi salbiy holatlar ham kuzatilayotgani, ular orasida yolg‘on, tuhmat xabarlar ham ko‘pligini aytib o‘tdi.

«Men o‘zim ham Facebook tarmog‘ida „Xalq bilan muloqot“ guruhini boshqaraman, hozirda guruh a’zolari soni 201 mingdan oshdi», deb ta’kidlar ekan, bu guruhda ham har xil yolg‘on, asossiz postlar jo‘natilishini ma’lumot tariqasida yetkazdi.