Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Nazarmuhamedov Senat yalpi majlisida ma’ruza qildi va aholining ijtimoiy muammolarini hal qilish hamda fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilayotganini qayd etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Joriy yilning 1 noyabridan boshlab yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy jarimalarni to‘lash uchun «billing tizimi» (yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun belgilangan jarimalarni elektron to‘lov shaklida amalga oshirish) ishga tushirildi.

Endilikda transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish bilan bog‘liq 45 holatdan 29 tasida haydovchilik guvohnomalarini olib qo‘yish amaliyotiga chek qo‘yildi.

Fuqarolarga Davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazlarida yangi namunadagi 724 ming 111 milliy haydovchilik guvohnomalari berildi.

Davlat raqam belgilarini auksion orqali oshirilgan to‘lov stavkalari asosida berish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi kunda 18 ming 718 davlat belgilari fuqarolar tanloviga ko‘ra rasmiylashtirildi va davlat byudjetiga 95 mlrd. 466 mln. 551 ming so‘m mablag‘lar tushirildi.

Joriy yil 1 sentyabrdan boshlab, yengil avtotransport vositalari oynalarining tusi qoraytirilishiga ruxsat berilib, bugungi kunga qadar 6,9 mlrd. so‘m pul mablag‘lari tushumi ta’minlanib, ushbu mablag‘larning 10 foizi xodimlarni har oyda rag‘batlantirishga sarflanmoqda.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida o‘tgan davr mobaynida avtomobil yo‘llarida 128 yo‘l-transport hodisalarining o‘choqlari aniqlanib, 121 tasi bartaraf etildi. Yo‘llarda 4 mln. 281 mingdan ortiq qoidabuzarliklar aniqlanib, 69 ming 659 marotaba turli targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazildi.

Natijada yo‘l-transport hodisalari soni 882 taga yoki 9,8 foizga, ularda halok bo‘lganlar soni 182 nafarga yoki 8,1 foizga, jarohat olganlar soni 1 ming 39 nafarga yoki 12,1 foizga kamayishiga erishildi.

Aholiga pasport xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati bevosita sektorlar (yangi tashkil etilgan ichki ishlar bo‘limlari) hududida tashkil etilib, fuqarolarga 2 mln. 898 ming 65 biometrik pasportlar rasmiylashtirib, topshirildi. Shuningdek, 3 ming 388 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.