Toshkent shahrida turizm sohasini rivojlantirish, turizm brendini yaratish va targ‘ib qilish maqsadida shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev boshchiligida, tegishli boshqarma rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Toshkent shahrining turizm brendi sifatida Toshkent shahri yozuvi hamda manzarasi aks etgan logotip qabul qilindi.

Mazkur brend xorijiy va mahalliy turizm ko‘rgazmalarida, savdo yarmarkalarida, tashkil etilgan turli tadbirlarda, Toshkent shahri va madaniy ob’ektlariga yo‘naltiruvchi yo‘l xaritalarida, gaydbuklarda, reklama banerlar va bilbordlarida, shaharning turizm salohiyatini targ‘ib qiluvchi video-roliklar va ko‘rsatuvlarda, turizm ob’ektlarida va uning atrofida joylashgan savdo rastalarida sotilayotgan suvenir-sovg‘a, kiyim-boshlar, milliy mahsulotlarda aks ettiriladigan bo‘ldi.