Umumta’lim maktablari o‘quvchilarini shaxmatga yanada qiziqtirish, ularga shart-sharoit yaratish maqsadida umumta’lim maktablarida shaxmat xonalari tashkil etilmoqda. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shunday xonalardan biri Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 13-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida tashkil qilindi. Ushbu muassasada bugungi kunda 2400 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil olayotgan bo‘lib, ulardan 50 nafardan ortig‘i shaxmat sport klubiga jalb qilingan.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 9 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan yurtimizda ushbu sport turini yanada ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab berilgan edi.

Xususan mazkur qarorga asosan respublikaning turli hududlaridagi 150 ta umumta’lim maktablarining o‘quvchilarini tajriba tariqasida shaxmatga o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

Jismoniy tarbiya va sport, Xalq ta’limi vazirliklari hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan respublikadagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida shaxmatga o‘qitishni bosqichma-bosqich qamrab olish, yuqori malakali murabbiy kadrlarni tayyorlash, shaxmat klublari va umumiy o‘rta ta’lim maktablari shaxmat sinflarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha rejali ishlar amalga oshirilmoqda.