Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan boshlab:

Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkiloti (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya qilish forumiga (IAF) a’zo davlatlar tomonidan sertifikatlangan davlat ulushi 50 foizdan oshmaydigan tadbirkorlar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kiradigan respublikada ishlab chiqarilmaydigan qishloq xo‘jaligi texnikasi, texnologik uskunalar, nooziq-ovqat xom ashyolar majburiy sertifikatlashtirishdan ozod qilinadi;

Milliy o‘lchash etalonlari va milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va o‘lchash sertifikatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi kelishuvni (CIPM MRA) imzolagan mamlakatlarning kalibrlash sertifikatlari bilan taqdim etilgan o‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyalash bir kun muddatda amalga oshiriladi.

Qaror bilan 2019−2020 yillarda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Yo‘l xaritasi doirasida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sinash laboratoriyasini o‘z ichiga olgan 8,5 mln AQSH dollari qiymatidagi «Kampus» o‘quv-sinov majmuasi tashkil etiladi.

Shuningdek, qaror bilan sinov va o‘lchash bazasini takomillashtirish bo‘yicha loyihalar ro‘yxati ham tasdiqlandi. Ro‘yxatga jami 8 ta loyihalar kiritilgan bo‘lib, xususan, 2019 yilda foto-video fiksatsiya tizimlari texnikalari va uskunalarini o‘rnatilgan standartlar va talablarga muvofiq o‘lchash laboratoriyasi tashkil etiladi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab 22 turli iste’mol tovarlari faqat «O‘zstandart» agentligining sertifikatlashtirish organlari, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Akkreditatsiya markazi tomonidan yangidan akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlari tomonidan sertifikatlanadi.

Ushbu tovarlar ro‘yxatida go‘sht, baliq, sut mahsulotlari, parranda tuxumlari, asal, sabzavotlar, mevalar, qahva va choy mavjud.

Shuningdek, endilikda muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirishda takrorlanuvchi sinovlar o‘tkazilishi taqiqlanadi.

Sanitariya-epidemiologiya va fitosanitariya vaziyati nomaqbul bo‘lgan mamlakatlardan sanitariya-epidemiologiya va fitosanitariya nazoratidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan mahsulotlarning olib kirilishi taqiqlanadi.

Qaror bilan standartlashtirish va metrologiya hududiy boshqarmalari tugatilib, «O‘zstandart» agentligi qoshida Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta’minlash departamenti tashkil etildi.

Texnik tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya masalalarida tadbirkorlarga yordam ko‘rsatish departamentning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Bundan tashqari, «O‘zstandart» agentligi huzurida Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.