Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining «Navoiy» chegara bojxona posti Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan xamkorlikda ushbu post xududidagi chiqindilar qutisiga noma’lum shaxs tomonidan 2 dona qora «PM49» rusumli (gazli pistolet) to‘pponchalar tashlab ketilganini aniqlashdi. Hozirda topilgan qurollar egasini aniqlash yuzasidan tezkor qidiruv va surishtiruv jarayoni davom ettirilmoqda. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur post xodimlari aniqlagan yana bir qonunbuzilish xolatida esa qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro B.R.ga tegishli avtomashina belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, avtomashina salonining pol qismidan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rov davomida aytilmagan polietilen idishga solingan umumiy og‘irligi 10 kilogramm 4 mm.li ov miltig‘i sochma o‘qlarini respublikamizga olib o‘tayotganligi aniqlandi.

«G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan huquqni muxofaza qiluvchi boshqa organlar vakillari bilan xamkorlikda ushbu postga kirib kelgan fuqaro G. Z.ning qo‘l yuklari orasida bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 11 dona 12 kalibrlik gilza, 2 dona yelim idishda og‘irligi 3,2 kg. bo‘lgan qo‘rg‘oshin o‘qlar hamda 1 dona polietilen paketda 231 gr. bo‘lgan probkalarni qo‘shni davlatdan olib kirayotgani to‘xtatib qolindi.

Aynan shu post xodimlari tomonidan qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro M.Ya. ga tegishli bo‘lgan «Shevrolet Lacetti» rusumli avtoulov xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, avtoulov salon qismidagi magnitofon ostida joylashgan tortmasidan 1 dona 9 mm.li tashqi ko‘rinishidan «Makarov» to‘pponchasi uchun mo‘ljallangan jangovar o‘q borligi aniqlandi.

Toshkent xalqaro aeroportida ham bojxonachilar shunga o‘xshash holatni fosh qilishdi. Kaliningradga parvozi oldidan xorijiy fuqaro Ch.I. ning qo‘l sumkasi nazorat tartibida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning ichida bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan, deklaratsiyalanmagan jami 4 dona patron borligi aniqlandi.

Yo‘lovchi ushbu patronlarni go‘yoki esdalik sovg‘a sifatida olib ketayotganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, bu uni javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Xozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasiga binoan bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib, deklaratsiyasiz qurol-yaroq va o‘q-dorilarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.