Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «Bekobod avto» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan, ushbu postga piyoda holda kirib kelgan fuqaro B.D. bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan, o‘ng va chap oyoqlariga kiyib olgan paypoqlari ichiga yashirgan holda 20 ming AQSH dollarini respublikamizdan olib chiqishga bo‘lgan urinishi fosh qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti xodimi tomonidan ushbu postga piyoda holda kirib kelgan fuqaro D.K. xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, egnidagi ichki kiyimi ichiga yashirilgan va og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan 1 mln. qozoq tengesini qo‘shni davlatga olib o‘tayotganligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartiblarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 5 000 AQSH dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda naqd xorijiy valyutani yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatgan holda erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.

Chet el fuqarolari esa O‘zbekistonga kirish chog‘ida olib kirgan miqdordagi naqd xorijiy valyutani erkin olib chiqib ketishlari mumkin.

Belgilangan summadan ortiqcha naqd xorijiy valyutani olib chiqib ketish uchun Markaziy bankning hududiy boshqarmalari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar talab etiladi.