Aloqaning maxfiyligi, tezkorligi, xavfsizligi va telekommunikatsiya xizmatlariga sarflanadigan byudjet mablag‘larining tejalishini ta’minlaydigan hukumat mobil aloqasi tizimi joriy etiladi. Bu O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruviga raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat hamda axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident Farmonida ko‘zda tutilgan, deya xabar qildi Adliya vazirligi «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida.

Ushbu tizim 2019 yil 1 apreldan boshlab davlat organlari, tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari uchun o‘z xizmat vazifalarini bajarishda foydalanish majburiy etib belgilandi.

Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziriligiga «Elektron hukumat» tizimi doirasida amalga oshirilayotgan axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish bo‘yicha loyihalarning amalga oshirilishi va moliyalashtirilishini to‘xtatish hamda ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, axborot tizimlari, resurslari hamda dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish bo‘yicha loyihalar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Agentlikda ekspertizadan o‘tkazilishi shartligi belgilandi.