Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, viloyatlar mudofaa ishlari boshqarmalari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazlari tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Markazlar avtomototransport vositalarining haydovchilarini, shuningdek, ommaviy texnik kasblarning boshqa mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha pullik xizmatlar ko‘rsatadi.

Qaror bilan shuningdek O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.

Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha yuqori malakali sportchilarni tayyorlaydigan muassasa etib belgilandi.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga umumiy qabul kvotalari doirasida sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash uchun kvotalar ko‘zda tutiladi;

avtomobil va mototsikl sporti, sportning aviamodel va raketamodel turlari hamda olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha respublika musobaqalarida birinchi, xalqaro musobaqalarda (Olimpiya o‘yinlari, Osiyo o‘yinlari, jahon chempionati va Osiyo chempionatida) sovrinli o‘rinlarni egallagan litsey, kollej va maktab bitiruvchilari tegishli oliy ta’lim muassasalariga umumiy qabul kvotalari doirasida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinadi.

Parashyut sporti bo‘yicha sport seksiyalari tashkil etiladi.

Shu munosabat bilan Mudofaa vazirligiga quyidagi vaziflar yuklandi:

parashyut sporti bo‘yicha sport seksiyalarining aviatsiya va havo-desant komplekslari, parashyut tizimlari, anjomlar va trenajerlar bilan jihozlanishini ta’minlash;

«Vatanparvar» MKT markazlari va ta’lim muassasalari negizida fuqaro yoshlarni «parashyutchi» mutaxassisligi bo‘yicha tayyorlashni tashkil etish.