Qashqadaryoga safar qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev Muborak tumanidagi zamonaviy issiqxona bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadirkor Qobiljon G‘ulomov 2016 yili «Muborakissiqlik elektr markazi» aksiyadorlik jamiyati yonidagi tashlandiq hududdan 2 gektar yer olib issiqxona barpo etdi. Yomg‘ir to‘planadigan 800−1000 tonnalik hovuzlar qurdi. Issiqxonadagi sabzavotlar tomchilatib sug‘oriladi.

Issiqxona «Muborak issiqlik elektr markazi"da hosil bo‘ladigan issiq suv orqali qizdiriladi. Elektr markazi uchun sovuq suv kerak. Shu bois issiqxonada bu suv aylantirilib, sovugach quvurlar orqali issiqlik korxonasiga qaytariladi. Tadbirkor yana 7 gektar yerda issiqxona qurdi.

Ayni paytda issiqxonada qariyb yuz kishi mehnat qilmoqda. Kelgusida issqxonani yanada kengaytirib, ish o‘rinlarini ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Umuman, tuman bo‘yicha 60 tadbirkorga shu kabi issiqxona qurish uchun 300 gektar yer ajratilgan.

Prezident zamonaviy issiqxonani ko‘zdan kechirib, ishchilar bilan muloqot qildi.

Aholi farovonligini oshirish, doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari ochishda muhim o‘rin tutadigan bunday issiqxonalar tarmog‘ini yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Shu yerda Qashqadaryo viloyatida 2019−2020 yillarda issiqxonalar tashkil etish, Chiroqchi tumanida lalmi maydonlarda poliz ekinlarini ko‘paytirish, aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qator loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.