O‘qituvchilarni majburiy mehnat va majburiy obuna, turli yig‘ilishlarga jalb etish to‘xtatildi. O‘qituvchilar yuritadigan hujjatlar soni 7 tadan 3 taga qisqartirildi. Shu bilan birga maktablarning tekshirish soni 26 baravar kamaydi. «Xalq ta’limi fidoyisi» davlat mukofoti ta’sis etildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlash lozimki, o‘qituvchilarning oylik maoshlari toifasiga qarab 40 foiz dan 72 foiz oshdi. Psixologlar ish haqi 103 foiz, maktab direktori va o‘rinbosarlari, Axborot-resurs markazi rahbari va kutubxonachilar maoshlari 33 foiz ko‘tarildi.

Xalq tizimi sohasi xodimlari uchun imtiyozli ipoteka kreditlar, iste’mol kreditlari, jumladan avtokreditlar, ularning oila a’zolari tadbirkorlik faoliyatini yuritishlari uchun kredit mablag‘lar ajratish mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.

Ta’lim muassasalarining ko‘chmas mulkini ijaraga berishdan tushgan va byudjetdan tashqari topilgan mablag‘larning 99 foizi umumta’lim maktablariga beriladi. Maktab rahbariga daromadlarning jami summasidan 10 foizini o‘z xohishiga binoan moddiy rag‘batlantirish huquqi berildi. Bu xalq ta’limi tizimida koruppsiyani bartaraf etishga o‘z hissasini qo‘shishi lozim.

Kasaba uyushmalari federatsiyasi ko‘magida ta’lim rivojiga munosib hissa qo‘shgan, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan 70 nafar pedagog kadrlarga har yili davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga qarashli sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalariga imtiyozli va bepul yo‘llanmalari taqdim etiladi. Bu yil ilk bor Kasaba uyushmalari federatsiyasi homiyligida «Yil fan o‘quvchilari» 10 million so‘m mukofot puli bilan taqdirlandilar.

Pedogoglarga yaratilayotgan sharoitlar natijasida 2018 yilda 13 ming nafar erkak o‘qituvchilar maktablarga qaytdilar. Birgina, 2018 yilda 11,5 mingdan ortiq (2016 yilda 1900dan ortiq, 2017 yilda 9500 dan ortiq) oliy o‘quv yurtini tamomlagan yosh mutaxassislar maktablarga ishga qabul qilindi. 2019 yil 1 yanvardan pensiya yoshidagi o‘qituvchilarning pensiyasi to‘liq to‘lanishi munosabati bilan 7 mingdan ortiq tajribali o‘qituvchilar maktablarga qaytib ishga olindi.