Oliy Majlis Senati payshanba kuni 17-yalpi majlisda 2019-yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqladi, deya xabar qildi “Gazeta.uz” muxbiri. Senatorlar oldida bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov so‘zga chiqdi.

2019-yilda Davlat byudjeti daromadlari 102,6 trln so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda, bu esa 2018-yilga nisbatan 38% o‘sishni anglatadi. Davlat byudjeti xarajatlari esa 107,1 trln so‘mni (+36,4%) tashkil etadi.

Ijtimoiy sohaga Davlat byudjetidan sarflanadigan xarajatlar 57,8 trln so‘mdan ortiqni yoki barcha xarajatlarning 54 foizini tashkil etadi (+34,4%). Bunda ta’limga sarflanadigan xarajatlar avvalgi yilga nisbatan 25,5 foizga oshadi va 28,4 trln so‘mni yoki barcha xarajatlarning 49 foizini tashkil etadi.

Sog‘liqni saqlashga sarflanadigan xarajatlar 2018 yilga nisbatan 30,5 foizga oshadi va 12,1 trln so‘mni yoki barcha xarajatlarning 11,3 foizini tashkil etadi. Ijtimoiy nafaqalar, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam va kompensatsiyalar to‘lash uchun sarflanadigan xarajatlar 5,2 trln so‘mni tashkil etadi (+61,8%).

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 478 ta aholi punktida yashash sharoitlarini yaxshilashga 6,3 trln so‘m yo‘naltiriladi. 2019-yilda Davlat byudjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,1% miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Keyingi yilda ish haqi, pensiyalar, ijtimoiy to‘lovlar va stipendiyalarni har yarim yilda avvalgi yildagi inflyatsiya darajasidan past bo‘lmagan miqdorda oshirish taklif etildi. 2019-yil 1-yanvardan boshlab ijtimoiy nafaqalar miqdorlarini mutlaq summada belgilash nazarda tutilmoqda.