Xalq ta’limi vazirligi tomonidan uyushtirilgan matbuot anjumanida qilingan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, UReport.uz loyihasi yoshlar orasida o‘tkazgan so‘rovnomasi natijalari shuni ko‘rsatdiki, islohotlar natijasida 71 foiz yoshlar o‘qituvchi kasbini tanlashga tayyor.

Prezident va Moliya vazirligi ko‘magida xalq ta’limi tizimiga davlat byudjetdan mablag‘ ajratish oshib bormoqda. 2018 yilda sohaga davlat byudjetdan 12,1 trln. so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2019 yilda tizim 17,1 trln. so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘larning 90 foiz soha xodimlarining oylik maoshlariga yo‘naltiriladi.

Xalq ta’limi tizimini qo‘llab-quvvatlash xalq harakatiga aylanmoqda. 2018 yil davomida mahalliy byudjetlardan ham maktab infratuzilmasini takomillashtirish va ularni moddiy-texnik bazasini yaxshilashga mablag‘lar yo‘naltirdilar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov mahalliy byudjetdan maktablarni moliyalash uchun eng ko‘p qo‘shimcha mablag‘ ajratgani uchun «Ta’lim homiysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shu bilan birga tizimda xali o‘z yechimini topishi kerak bo‘lgan masalalar ko‘p. 2016 yildan 2018 yilga qadar maktab o‘quvchilari soni 4,2 mln.dan 5,8 mln. nafarga yetdi. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 6,2 mln. o‘quvchiga yetishi kutilmoqda. Shu bilan birga maktablar quvvati 4,8 mln. o‘quvchi darajasida saqlanib qolmoqda.

Bu muammo davlat maktablari va nodavlat ta’lim muassasalarini rivojlantirish hamda foydalanmayotgan kollejlarning binosini maktablarga aylantirish orqali hal etish mumkin. Ta’kidlash kerakki, 2016−2018 yillarda nodavlat ta’lim muassasalarining soni deyarli 4 baravar oshdi va 84 taga yetdi.

2016−2018 yillarda o‘quvchilarning ta’lim olishlari uchun yanada sharoitlarni yaxshilash maqsadida 65 ta yangi maktab qurildi va 15636 ta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi.

Shuningdek, so‘nggi 3 yilda investitsiya va «Obod qishloq» («Obod mahalla»)davlat dasturlari asosida 1 691 ta ta’lim muassasasida 1.5 trln.so‘mdan ortiq mablag‘ yangi qurilish, kapital va mukammal ta’mirlash uchun sarflandi. 2018 yilda bu dasturlar asosida 24 ta maktab yangidan qurilib foydalanishga topshirildi.

O‘quvchilar sonini ko‘payishi hamda shart-sharoitlarning yaxshilanishi natijasida 43 ta maktab filiallari umumta’lim maktablariga aylantirildi (2016 yilda 1138 ta, 2017 yilda 1348 ta, 2018 yili 1299 ta filial bo‘lgan).

Bundan tashqari, 2018 yilda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 1815 ta maktab joriy ta’mirdan chiqarildi va buning uchun 189 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi.