BMT Bosh Assambleyasining 12 dekabrdagi yalpi sessiyasida «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Loyihasi O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat BMTga a’zo davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Mazkur rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusini O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil sentyabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan edi. O‘zbekiston taklif etgan rezolyutsiyaning asosiy maqsadi — barcha uchun ta’lim olish imkoniyatini taqdim etish, savodsizlik va bilimsizlikni bartaraf etishdan iborat. Hujjatda «bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni o‘rnatish, diniy erkinlikni ta’minlash, dindorlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik"ka ham chaqirilgan.

O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi xabarida ta’kidlanganidek, rezolyutsiya nafaqat BMTning barcha a’zo davlatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanmadi, balki 50 dan ortiq davlatlar hammuallifligida qabul qilingan. Mualliflar orasida Qirg‘iziston, Qirg‘iziston, Livan, Marokash, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon, Pokiston, Koreya Respublikasi, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Sudan, Tojikiston, Tailand, Ozarbayjon, Jazoir, Bahrayn, Belorussiya, Gana, Tunis, Turkmaniston, Filippin, Yaponiya va boshqa davlatlar bor.

Rezolyutsiyada ta’lim, tinchlik, inson huquqlari, bag‘rikenglik va do‘stlikning olg‘a surilishi muhim rol o‘ynashi ta’kidlanadi, shuningdek, dunyoda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun integratsiya, o‘zaro hurmat, inson huquqlarini himoya qilish, bag‘rikenglik va o‘zaro tushunishning muhimligi tan olinadi.

Shu bilan birga, qabul qilingan rezolyutsiyada BMTga a’zo davlatlar milliy va xalqaro OAV hamda Internetda keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini o‘tkazish, bag‘rikenglik, din va e’tiqod erkinligiga raxna solmaslik to‘g‘risidagi ma’rifiy axborotlarni tarqatish kabi kommunikatsion strategiyani joriy etish taklif qilingan.

BMT Bosh Assambleyasida O‘zbekiston rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Marokash, Ummon, Ozarbayjon, Panama, Yevropa Ittifoqi va qator boshqa davlatlar delegatsiyalari nutq so‘zlab, o‘zbek tomoniga ushbu muhim va o‘z vaqtida qabul qilingan hujjatni taqdim etgani uchun minnatdorchilik bildirdi.