Toshkentning Chilonzor tumani hokimi Sarvar Mahametovning uyida bir necha kishi yirik o‘g‘rilikni amalga oshirdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Ushbu holat bo‘yicha Yunusobod tumani IIB tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda sodir etilgan o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Surishtiruv tadbirlari natijasida 7 dekabr kuni uch nafar gumonlanuvchi — M. M., K. G. va G. R. hibsga olingan. Ulardan birining uyi tintuv qilinganida daliliy ashyolar topilgan. «Gazeta.uz"dagi mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ular zargarlik buyumlari va pullardan iborat.

9 dekabr kuni hibsga olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jabrlanuvchi shaxs sifatida o‘g‘irlik sodir etilgan uy sohibi hisoblangan Chilonzor tumani hokimining rafiqasi ishtirok etmoqda.

Sarvar Mahametov tumanga shu yilning oktyabrida hokim etib tayinlangan. 2010−2016 yillarda u Bektemir tumani, 2016−2018 yillarda Yakkasaroy tumani hokimi bo‘lib ishlagan.