Pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotidagi islohotlarni amalga oshirishda ularning salohiyati, tajribasi va bilimlaridan to‘laqonli foydalanish maqsadida 2019-yil 1-yanvardan ishlovchi pensionerlarga nafaqalar to‘liq hajmda beriladi. Bu O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 12-dekabrdagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Hujjatga muvofiq, 2019-yil 1-yanvardan pensiyani hisob-kitob qilish uchun eng yuqori oylik ish haqi miqdori eng kam ish haqining sakkiz barobaridan o‘n barobariga qadar oshiriladi.

Moliya vazirligi hamda Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga 1 yanvardan pensiyalarni qayta hisob-kitob qilishda ularni hisoblash uchun eng yuqori oylik ish haqi miqdorini hisobga olish topshirildi.

“O‘zbekiston 24” telekanalining “Axborot 24” dasturida qayd etilishicha, hozirda pensiyalarni hisoblashda o‘rtacha ish haqi 1,621 mln so‘m deb olinadi. Kelgusi yildan boshlab ushbu ko‘rsatkich 2,227 mln so‘mga ko‘tariladi. Shunga ko‘ra, pensiyalar o‘rtacha 65−260 ming so‘mga oshadi. Bu joriy pensiya darajalariga ham tegishli. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 533 ming nafardan ortiq pensionerlar qayta hisob-kitob qilinadi.

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining qo‘shimcha xarajatlari yiliga 501,6 mlrd so‘mni tashkil etadi. Yakuniy raqam esa 1,574 trln so‘mni tashkil etadi. Mutaxassislar davlat byudjeti uchun qo‘shimcha yuk yo‘qligiga ishonch bildirmoqda. Chunki Pensiya jamg‘armasi byudjeti parametrlari 2019 yil uchun ushbu mablag‘larni ko‘zda tutadi.

Shu vaqtga qadar ishlaydigan nafaqaxo‘rlar (17 toifadan tashqari) avval pensiyasining 50 foizini olar edi. Joriy amaliyot hayotiy muhim sohalar — tibbiyot, ta’lim, sanoat va boshqa sohalarda tajribali kadrlarning yo‘qotilishiga olib keldi.

Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 3,087 million pensioner bor. Jami 118 ming 736 nafar pensioner mehnat qilishda davom etmoqda. Ularning 35 ming nafari iqtisodiyotning real sektorida, 22 ming nafari ta’lim sohasida, 20 ming nafari sog‘liqni saqlash sohasida faoliyat ko‘rsatmoqda.