Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi chorshanba kuni invest.gov.uz O‘zbekiston investitsiya portalini taqdim etdi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Portalda investorlar uchun O‘zbekistonning investitsion salohiyati, iqtisodiyot sohalari, erkin va kichik iqtisodiy zonalar, imtiyoz va preferensiyalar haqidagi ma’lumotlar taqdim etilgan.

Portalga investitsion takliflar, xorijiy kompaniyalar ishtirok etishi mumkin bo‘lgan tadbirlar jadvali e’lon qilinishi mumkin.

Taqdimot jarayonida qayd etilganidek, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi portal yordamida kunu tun investitsion faoliyat ishtirokchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishi, boshqa soat mintaqalaridagi tadbirkorlardan kelib tushishi mumkin bo‘lgan savollarga javob qaytarishi mumkin.

Yer olish uchun portalda onlayn ariza berish imkoniyati joriy etilishi mumkin. Arizalarga javoblar onlayn taqdim etilishi kutilmoqda.

Portalda ma’lumotlar sakkizta: o‘zbek, rus, ingliz, nemis, fransuz, turk, koreys va xitoy tillarida taqdim etilgan. Uni ishlab chiqishda Xitoy, Singapur, Finlyandiya va boshqa mamlakatlardagi 37 ta investitsiya portali tajribasi o‘rganib chiqildi.