O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Instagram ijtimoiy tarmog‘ida eng ko‘p kuzatuvchilarga ega siyosatchilar reytingidan joy oldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga BCW (Burson Cohn & Wolfe) xalqaro piar-agentligi o‘tkazgan tadqiqot yakunlari bo‘yicha xabar qildi. Agentlik o‘zining «Dunyo rahbarlari Instagram`da» deb nomlangan tadqiqotida ijtimoiy tarmoqdagi 426 ta rasmiy akkauntni taqqoslab chiqdi.Foto: twiplomacy.com.

Shavkat Mirziyoyev akkaunti kuzatuvchilar soni bo‘yicha MDHda ikkinchi o‘rinni egalladi. Tadqiqot o‘tkazilgan vaqtda O‘zbekiston prezidentini kuzatuvchilar soni 831,7 ming bo‘lsa, ayni vaqtda bu ko‘rsatkich 1 milliondan oshdi. Birinchi o‘rinni Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedov 2,91 million kuzatuvchi bilan band etdi.

Birinchi beshtalikdan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev (243 ming), Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov (163 ming), Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko (159 ming) va Qozog‘istonning sobiq bosh vaziri Karim Masimov (77,9 ming) egalladi.

O‘zbekiston prezidenti sahifasiga Germaniya kansleri Angela Merkel (772 ming), Singapur bosh vaziri Li Syanlun (358 ming) va Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey (103 ming) kabi siyosatchilar akkaunti kuzatuvchilaridan ko‘proq kishi obuna bo‘lgan.

Dunyo reytingida birinchi o‘rinni Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 15 millionlik obunachi bilan boshqarmoqda. Keyingi o‘rinda esa Indoneziya prezidenti Joko Vidodo (12 million) va AQSH prezidenti Donald Tramp (10 million) bormoqda.

Tadqiqotga ko‘ra, so‘nggi yilda O‘zbekiston prezidenti sahifasiga rus tilida 793 ta post, jumladan 747 ta fotosuratli, 46 ta videoli post joylashtirilgan. E’lon qilingan surat va videolarga jami 8,42 million «layk» bosilgan va 10,7 ming izoh qoldirilgan.