Toshkentning Yunusobod tumanida qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov xotirasiga bag‘ishlab o‘rnatilgan barelefning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining o‘ttiz sakkizinchi sessiyasida Yunusobod tumani hududida joylashgan Bodomzor yo‘li ko‘chasiga buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilingandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 2 apreldagi «Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarorida Chingiz Aytmatov xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga adib nomini berish belgilangan edi.