O‘zbekiston Ukrainada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni bosqichma-bosqich bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishni boshladi, deya xabar qildi Ukraina Milliy shakar ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi («Ukrsukor») mamlakat Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligiga tayanib.

Uyushma ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr o‘rtalarida Ukrainadan O‘zbekistonga yetkaziluvchi shakar va boshqa yuklar tushirib olinmayotgani va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmayotgani ma’lum qilingan edi. Uyushma Ukraina Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligi hamda Agrar siyosat va oziq-ovqat vazirligiga vaziyatni hal qilish iltimosi bilan murojaat qildi.

«Ukrsukor» boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ruslan Butiloning xabar qilishicha, noyabrda eksport qilingan shakarning 47 foizini O‘zbekiston import qilgan. Ayni vaqtda shakar kompaniyalari va zavodlari bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni boshlanganini tasdiqlagan.

3 dekabr kuni Ukrainaning O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar importiga nisbatan subsidiyaga qarshi tekshiruvlarni to‘xtatgani ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston prezidentining 2008 yil 21 avgustdagi «Chet el investitsiyalari ishtirokida korxonani tashkil etish to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, o‘zbek ishlab chiqaruvchilariga 2017 yil oxirigacha imtiyozlar berilgan, 2018 yildan ushbu qaror o‘z kuchini yo‘qotgani bunga asos qilib olindi. Xuddi shu kuni Ukrainaning yirik farmatsevtika kompaniyasining Toshkentdagi vakili 3 noyabr kuni hech qanday izohlarsiz to‘xtatilgan ukrain dori vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish jarayoni qayta tiklanganini ma’lum qildi.

Bir necha kun o‘tganidan so‘ng O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Ukraina bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — Ukraina Iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri Stepan Kubiv bilan telefon orqali muloqot qildi. O‘zbek hukumati rahbari Ukraina va O‘zbekiston bozorlariga o‘zaro mahsulot yetkazib berishda cheklov va muammolar yo‘qligiga ishonch bildirdi.