O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi seshanba kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisda qayta ishlangan “Soliq va byudjet siyosatining 2019-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunni qabul qildi. Bir kun avval qonun loyihasi deputatlarda qator savol va e’tirozlarni keltirib chiqargani uchun qayta ishlashga qaytarilgani ma’lum qilingan edi.

Hukumatga kiritilgan qonun loyihasi nomidagi “2019-yilga byudjet-soliq siyosati Konsepsiyasi va 2020−2021-yillarga prognoz mo‘ljallari” jumlasi olib tashlangan.

Qonun loyihasida Soliq kodeksining 22-moddasida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lagandan keyin xususiy korxona mulkdori, oilaviy korxona ishtirokchisi hamda fermer xo‘jaligi ixtiyorida qoladigan daromadlaridan olinadigan dividendlardan soliq ushlashni bekor qilish taklif etilgan edi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng ishchi guruh tomonidan ushbu masala yanada chuqur tahlil qilinib, tadbirkorlikka alohida e’tibor qaratilishi inobatga olingan holda, amaldagi tartib saqlab qolindi. Ya’ni, ko‘rsatib o‘tilgan sub’ektlarning dividendiga soliq solishni nazarda tutuvchi norma olib tashlandi.

Mazkur kodeksning 681-moddasi — “Soliq to‘lovchilarni pasportlashtirish” bo‘yicha deputatlar va mutaxasislarning uzoq muhokamalaridan so‘ng, soliq to‘lovchilarning manfaatlarini hisobga olib, mazkur modda soddalashtirildi. Pasportlashtirish jarayonining davriyligi belgilab qo‘yildi, ya’ni, uni har yili emas, balki uch yilda bir marotaba o‘tkazish belgilandi. Shuningdek, soliq to‘lovchilarni pasportlashtirish natijasida tuzilgan dalolatnoma soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblashga asos bo‘lishiga doir norma, shuningdek, bu jarayonga huquqni muhofaza qilish idoralarini jalb etishga oid norma chiqarib tashlandi. Muhokamalarda ishchi guruh tomonidan alohida ta’kidlandiki, pasportlashtirish jarayoni tadbirkorlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashuvlarni nazarda tutmaydi.

Ushbu kodeksda belgilanayotgan “Mavzuli ekspress o‘rganishlar”, “Xronometraj ko‘zdan kechirish”, taftish o‘tkazish, tekshirish singari soliq nazoratining shakllari qaytadan ko‘rib chiqilib, yanada takomillashtirildi. Ularning aniq sub’ektlari ko‘rsatib o‘tildi va Kodeksning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish ustuvorligi ta’minlandi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini tugatish bilan bog‘liq yakuniy tekshiruv faqat yagona soliq to‘lovi to‘lovchisi — yakka tartibdagi tadbirkorga tatbiq etilishi aniq ko‘rsatib o‘tildi. Bu esa, o‘z navbatida, soliq organlari oldida turgan vazifa — soliq tushumlarining to‘liqligini ta’minlashga qaratiladi.

Byudjet kodeksining 71-moddasida Mahalliy ijro etuvchi hokimiyatlarning mustaqilligini yanada oshirish, ularning tuzilmasini takomillashtirish, xodimlari ish samaradorligini oshirishda ularga yuklatiladigan vazifalar, mas’uliyat hajmiga mos ravishda moddiy rag‘batlantirish tartibini mustaqil belgilash maqsadida mahalliy byudjetlardan moliyalashtirish nazarda tutilgan edi. Shular qatorida qonun loyihasida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tasarrufidagi hududiy bo‘linmalar va unitar korxonalarning xarajatlarini hududlar byudjetlari hisobidan moliyalashtirish taklif etilgan edi. Lekin ommaviy axborot vositalarining “to‘rtinchi hokimiyat” o‘laroq, iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash, mahalliy ijro etuvchi hokimiyatlarga bog‘lanib qolmasligi hamda yuz berayotgan jarayonlarga xolisona munosabat bildirishi zaruratini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tasarrufidagi hududiy bo‘linmalar va unitar korxonalarning xarajatlarini amaldagi respublika byudjetlaridan moliyalashtirish tartibi saqlab qolindi.

Muhokamalar davomida boshqa bir qator normalar ham soliq to‘lovchilar manfaatidan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqildi, deyiladi xabarda.