2018 yilda O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosili keskin qisqardi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev yakshanba kuni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan nutqida ta’kidlab o‘tgan edi.

Joriy yilda 6,1 mln tonna bug‘doy yetishtirilgan bo‘lib, bu 2017 yilgi ko‘rsatkichdan 27 foiz (8,377 mln tonna) kam demakdir. Shuningdek, 2,3 mln tonna paxta (2,9 mln tonna, kamayish 21,5 foiz), 8,6 mln tonna sabzavot (11,4 mln, kamayish 21,5 foiz), 2,4 mln tonna kartoshka (3,1 mln tonna, kamayish 20 foiz), 1,6 mln tonna poliz mahsulotlari (2,09 mln, kamayish 23,2 foiz), 2,1 mln tonnaga yaqin meva (3,06 mln, kamayish 31,4 foiz), 1,3 mln tonna uzum (1,7 mln, kamayish 24,8 foiz), 18 ming tonna pilla (12,4 ming tonna, o‘sish — 44,5 foiz), 1 mln tonna go‘sht (2,3 mln tonna, kamayish 56,5 foiz) va 7,8 mln tonna sut (10,08 mln, kamayish 22,3 foiz) yetishtirildi.

Yil davomida 58,1 trln so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarildi.

Davlat rahbari bu yilgi mavsum qanday og‘ir va murakkab kechganini qayd etdi.

«Haqiqatan ham, tabiat injiqliklari — bahorning quruq kelgani, kutilmagan jala va bo‘ronlar, yoz faslidagi kuchli suv tanqisligi, jazirama issiq, turli hasharot va kasalliklar ekin-tikinlarga katta xavf tug‘dirgani, kuzda esa yog‘in-sochinlarning barvaqt boshlangani mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi xodimlarini yana bir bor jiddiy sinovdan o‘tkazdi», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev yuqori samara bermayotgan paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirishni izchil davom ettirish zarurligini ma’lum qildi.

«Paxta va g‘alladan bo‘shagan maydonlarda eksportbop, ichki va tashqi bozorda talab katta bo‘lgan ekinlar ekish, boshqacha aytganda, har bir xo‘jalik va tumanning ixtisoslashuvini qayta ko‘rib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilishimiz, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari, tomorqa maydonlari samarasini oshirishga qaratilgan ishlarimizni kuchaytirishimiz kerak», — dedi prezident.

Davlat rahbari qishloq xo‘jaligida chidamli, ertapishar, serhosil ekin navlarini yaratish, chorvachilikda naslchilikni yaxshilash, eng katta boylik bo‘lgan yer va suv resurslaridan tejab-tergab foydalanish, urug‘chilikni rivojlantirish e’tiborimiz markazida turishi lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

«Kelgusi yilda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida Davlat byudjetidan qariyb 1,7 trillion so‘m, xalqaro moliya institutlarining 84 million dollar miqdoridagi mablag‘ini yo‘naltirish rejalashtirilmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, suv omborlari tarmog‘ini kengaytirish hisobidan lalmi yerlarni o‘zlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratiladi.

Buning uchun Toshkent viloyatida jami 45 million kub metr suv yig‘iladigan «Parkentsoy», «Qizilsoy», «Toshtepa», Jizzax viloyatining Forish tumanida «Karaman», Qashqadaryo viloyatida «Guldara», «Ayaqchisoy», Samarqand viloyatida «Bulung‘ur» suv omborlari barpo etiladi.

Kelgusi ikki yilda esa 1 million 200 ming gektar yerning suv ta’minoti barqarorlashtiriladi, yiliga 1 milliard 700 million kub metr suv tejaladi va 600 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilanadi.

Kelgusi yili qishloq xo‘jaligida 1 milliard 870 million AQSH dollari hajmidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.