XXR tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Le Yuychen AQSHdan Huawei moliyaviy direktori Men Vanchjouni hibsga olish uchun orderni bekor qilishni talab qildi. U Amerika tomonining harakatlarini o‘ta manfur deb atadi, deya xabar qildi RIA Novosti.

Le Yuychen yakshanba kuni Amerikaning Pekindagi elchisini chaqirib, AQSHning harakatlari Xitoy fuqarolarining qonuniy huquqlarini buzayotgani munosabati bilan tashqi siyosat mahkamasi qat’iy noroziligini bildirishini ma’lum qildi.

Xitoy TIV rahbari o‘rinbosari Xitoy tomonining kelgusidagi javob choralari AQSH harakatlariga bog‘liq ekanini ta’kidladi.

Men Vanchjou — Huawei asoschisining qizi va kompaniya boshqaruvi raisining o‘rinbosari — 1 dekabr kuni Kanadada qo‘lga olingan edi. AQSH uni Amerikaning Eronga qarshi savdo sanksiyalarini buzishda gumon qilib ekstraditsiya qilinishini so‘ramoqda.