10 dekabrdan GM Uzbekistan kompaniyasi Chevrolet Tracker krossoveriga buyurtmalarni qabul qilishni boshladi, deya xabar qildi kompaniya matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Avtomobil ikki xil komplektatsiyada taqdim etiladi. Tracker’ning LT M/T komplektatsiyasi narxi — 184 308 855 so‘m, Premier A/T esa 215 680 575 so‘mni tashkil qiladi.

Birinchi bosqichda Tracker krossoveri savdosi va xizmat ko‘rsatishi bilan O‘zbekistondagi birinchi multibrend «Nurafshon AvtoMarkaz» avtosalonining Sergeli tumani Obihayot ko‘chasi, 39 uyda joylashgan filiali shug‘ullanadi.

Tracker subixcham avtomobillar sinfiga kiradi: uzunligi 4257 mm, kengligi 1776 mm va balandligi 1679 mm. Avtomobilning yoqilg‘i baki 53 litrni tashkil qiladi.

Avtomobil ko‘rinishi jihatdan juda ko‘rkam bo‘lib, unda sport va bashanglik mujassamligi aks etadi. Avtomobilning 1,8 litrli dvigatel hajmi 140 ot kuchiga teng. Avtomobilning yoqilg‘i sarfi MT5/AT6 transmissiyali aralash siklda 100 km ga 7,1 l ni tashkil qiladi. Avtomobil 10,6 soniyada 100 km/s tezlikka yetadi. Model 4-silindrli dvigatel bilan jihozlangan.

«Avtomobilning kompaniya modellar qatoridan joy olishi O‘zbekiston bozori uchun mutlaqo yangi bo‘lgan SUV V sinfini qo‘shish maqsadida amalga oshirilmoqda, Tracker Saptiva avtomobilining o‘rnini egallashga mo‘ljallanmagan», — deya qayd etdi kompaniya.