O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Afg‘oniston va Pokiston temir yo‘llari ma’muriyatlari yangi «Mozori Sharif — Kobul — Peshavor» temir yo‘li qurilishi bo‘yicha moliyaviy konsorsium tashkil etadi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi matbuot xizmati xabar qildi.

3−4 dekabr kuni Toshkentda besh davlat temir yo‘llari ma’muriyatlari rahbari uchrashuvida qo‘shma ishchi guruhi va moliyaviy konsorsiumni tashkil etish to‘g‘risidagi bayonnoma tuzildi.

Yangi temir yo‘l Yevroittifoq, Rossiya, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston hamda Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini bog‘lovchi transport koridoriga aylanadi.

Qurilishi rejalashtirilayotgan temir yo‘l bo‘ylab yuqori voltli «Surxon — Puli-Xumron — Doshi — Surabay — Jalolobod — Peshovor» elektr energiyasi liniyasini bunyod etish mo‘ljallangan. Bu yangi magistralni elektrlashtirishga imkon beradi, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston va Afg‘oniston hukumatlari 2017 yil dekabrda Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining Toshkentga tashrifi chog‘ida «Mozori Sharif-Shibirg‘on-Maymana-Hirot» temir yo‘lini barpo etish bo‘yicha bitimni imzolagan edi. Temir yo‘l masofasi 760 km ni tashkil etadi.