Majburiy ijro byurosi Farg‘ona tuman bo‘limi davlat inspektori Umid Karimov o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, o‘zganing mulkini aldash yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida firibgarlik jinoyatiga qo‘l urdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Davlat inspektori lavozimida ishlagan U. Karimovning vazifalariga elektr, tabiiy gazdan foydalanayotgan iste’molchilar tomonidan to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lanishini nazorat qilish, o‘ziga biriktirilgan hududdagi fuqarolarning yashash xonadonlariga o‘rnatilgan elektr va tabiiy gaz hisoblagich ko‘rsatgichlarini ko‘rikdan o‘tkazib, kompyuter bazasiga kiritib borish kabi yumushlar kirardi.

U Farg‘ona tumanidagi «Ilg‘or» mahallasida yashovchi S.X.ning yashash xonadoniga borib, uning foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlarini Majburiy ijro byurosi Marg‘ilon shahar bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan undirilishini bilsa-da, nafsning kuyiga uchadi. Uning haqiqatda foydalanilgan tabiiy gazdan bo‘lgan 482 ming 928 so‘m qarzdorligini 2 million 850 ming so‘m deb, uni aldab 150 AQSH dollari miqdoridagi pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritadi. Ushbu pullardan 50 AQSH dollari miqdoridagisini 400 000 so‘m pul hisobida S.X.ning abonent hisob raqamiga to‘lab, qolgan 100 AQSH dollari miqdoridagi pulni o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumani sudining «Qorasuv» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan ochiq sayyor sud majlisida U. Karimovning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud majlisida sudlanuvchining chin dildan pushaymonligi, oilaviy sharoiti, jinoyat ishi bo‘yicha moddiy zarar to‘liq qoplanganligi e’tiborga olindi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 168-moddasi 3-qismining «v» bandi bilan JKning 45-moddasini qo‘llanilib, 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.