Professional boksda faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik sportchi Sanjar Rahmonov bugun Las-Vegasda navbatdagi jangida ringga ko‘tarildi.Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Bu safar bokschiga amerikalik Jonatan Stil raqiblik qildi. Sakkiz raundga mo‘ljallangan jang to‘liq davom etdi va g‘olib ochkolar hisobiga ko‘ra aniqlandi. To‘qnashuv yakuniga ko‘ra hakamlar bir ovozdan Sanjarning 77:75, 77:75, 78:74 hisobida g‘alaba qozonganini qayd etdi.

Ma’lumot uchun, bugungi to‘qnashuv Sanjar uchun professional boksdagi 13-jang bo‘ldi. Rahmonov ularning 11 tasida g‘alaba qozongan (5 tasi nokaut evaziga). Bitta jangda durang va yana birida mag‘lubiyat qayd etgan.

Jonatan Stil esa professional boksdagi 11-jangida ringga ko‘tarildi. Ushbu janglarining 8 tasini g‘alaba bilan yakunlagan (6 tasi nokaut). Bitta jangda durangga erishgan. Bugungi mag‘lubiyat esa Stil uchun faoliyatidagi ikkinchisi bo‘ldi.