26 noyabr kuni aralash janglar ustasi Murod Xonto‘rayev Toshkent markazidagi ofisida bir guruh niqoblangan noma’lum shaxslar tomonidan pichoqlangan edi. Mazkur holat tasvirlangan videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Sevimli telekanali «Zamon» dasturining xabar qilishicha, ayni vaqtdan barcha gumondorlar shaxsiga aniqlik kiritilgan.

Toshkent IIBB Axborot-multimediya markazi vakilining telekanalga ma’lum qilishicha, hozirda ushbu voqeaning barcha ishtirokchilari shaxsiga aniqlik kiritilgan. Biroq Jinoyat-protsessual kodeksiga asosan jinoyat ishi bo‘yicha lozim bo‘lgan tergov harakatlari bo‘yicha boshqa ma’lumotlar oshkor qilinmadi.

Eslatib o‘tamiz, sportchining pichoqlanishi videoga tasvirlangan holat yuzasidan shu kunning o‘zida Toshkent IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» va «v» bandlari (bezorilik, bir guruh shaxslar tomonidan sovuq qurol yoki kishining sog‘ligi uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.