Prezident Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburgdan Toshkentga qaytib keldi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev 6 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan norasmiy majlisida ishtirok etdi.

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin kutib oldi.

Suratga tushish marosimidan so‘ng MDHga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvi boshlandi.


Uchrashuvda Hamdo‘stlik davlatlarining savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, transport-kommunikatsiya salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, xavfsizlikni mustahkamlash, zamonaviy xatar va tahdidlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish masalalariga e’tibor qaratildi.

Gumanitar, ta’lim va turizm sohalarida almashuvlarni izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi. Tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.


MDH norasmiy sammiti doirasida prezident qator davlat rahbarlari bilan ikki tomonlama suhbatlar o‘tkazdi. Ularda 2018 yilda samarali sheriklikning asosiy yakunlari va kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi