Namangan viloyatidagi «Mingbuloq» neft konidagi portlash to‘g‘risidagi xabarlarga haqiqatga mos kelmaydi, deya xabar qildi «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi.

«6 dekabr kuni bir qator ommaviy axborot vositalarida „Mingbuloq“ konida portlash sodir bo‘lgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi. Shuni rasman ma’lum qilamizki, bu xabar haqiqatga mos kelmaydi va yolg‘on hisoblanadi», — deyiladi xabarda.

Ayni vaqtda «Mingbuloq» konida o‘zbek va xitoy mutaxassislari shtat rejimida M-15 qudug‘ida geologik razvedka ishlarini olib bormoqda, deya qayd etdi kompaniya.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi «Gazeta.uz"ga viloyat fuqarolaridan portlash sasiga o‘xshash baland tovush eshitilgani haqida xabarlar kelib tushgani, biroq hozircha hodisa vaqti va joyini aniqlashning imkoni bo‘lmaganini ma’lum qildi.

«Biz barcha tuman va viloyat shifoxonalarini tekshirdik, jabrlanganlar yo‘q. Shuningdek, barcha gaz quyish shoxobchalarini ham tekshirdik, u yerlarda ham portlash bo‘lmagan. Geologlar bilan suhbatlashdik, ular ham hech qanday geologik razvedka ishlari olib borilmaganini aytishdi», — deya qayd etdi O‘zbekiston FVV.