5 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston prezidenti tomonidan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida belgilab berilgan O‘zbekiston mudofaa qudratini mustahkamlash borasidagi ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqadigan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Hotamjon Ketmonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Raximjon Hakimov, O‘zbekiston mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Azizbek Ikromov ishtirok etdi.

Majlisda mudofaa vazirining o‘rinbosari Xavfsizlik kengashining 28 noyabrdagi yig‘ilishida O‘zbekiston prezidenti tomonidan ko‘tarilgan masalalar hamda o‘tgan bir yil davomida vazirlik tizimida amalga oshirilgan ishlar xususida hisobot berdi.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, 2018 yilda harbiy xizmatchilar uchun 74 ta turar joy uchun uylar qurilgan bo‘lib, 2200 ga yaqin xonadonlar uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida hamda 614 ta xizmat xonadonlari qurilib, foydalanishga topshirish uchun tayyorlanmoqda (2017-yilda esa 56 ta uyda 1224 ta xonadon ipoteka keriti asosida hamda 416 ta xizmat xonadonlari harbiy xizmatchilarga berilgan edi). Joriy yilda 500 nafarga yaqin harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan bo‘lsa, ularning 338 nafari imtiyozli kvota asosida talabalikka qabul qilingan. Shuningdek, 1999−2000 yillarda Surxondaryoda sodir etilgan terrorchilik harakatlari oqibatida halok bo‘lgan 26 nafar qahramonning byustlari o‘zlari o‘qigan maktablariga o‘rnatilgan.

Yig‘ilish davomida O‘zbekiston mudofaa salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan bir qator takliflar ham bildirib o‘tildi. Jumladan, harbiy xizmatga chaqiruv muddatini fevral oyidan martning oxiri — aprel oylariga ko‘chirish, mavjud harbiy texnikani modernizatsiya qilish, uni saqlash sharoitini yaxshilash, ayrim ehtiyot qismlar va aslahalarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish, ta’mirlashni yo‘lga qo‘yish, eskirib ketgan nizom va qo‘llanmalarni bugungi kun talabiga moslashtirish takliflari sanab o‘tildi.

Bundan tashqari yig‘ilishda bir qator kamchiliklar ham sanab o‘tildi, xususan, Qurolli Kuchlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirish bo‘yicha tizimli va kompleks tadbirlar tashkil qilingan bo‘lsa-da, o‘tkazilgan tadbirlarning harbiy xizmatchilarga ta’siri va natijadorligini baholash mezoni mavjud emasligi, Mudofaa vazirligi «Vatanparvar» Birlashgan tahririyati hamda Qurolli Kuchlar Media markazining o‘rni va ahamiyati sezilarli darajada emasligi ta’kidlandi.

Harbiy pensionerarni jamiyatga moslashtirish maqsadida jamoat tashkilotlari bilan birgalikda reabilitatsiya markazlarini tashkil etish, harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini ish bilan ta’minlash kabi masalalar ham e’tibordan chetda qolmadi.

Yig‘ilishda Azizbek Ikromov tomonidan yuqoridagilarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari vazirlik va idoralarining hamkorlikdagi harakatlarini axloqiy-ruhiy ta’minlash maqsadida «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida axloqiy-ruhiy ta’minot konsepsiyasi"ni ishlab chiqish va qabul qilish taklifi bildirildi.

Ta’kidlash kerakki, Oliy Majlis binosida birinchi marta tashkil etilgan qurol-aslaha ko‘rgazmasi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Barcha ishtirokchilar namoyishga qo‘yilgan zamonaviy qurol-aslahalar hamda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun mo‘ljallangan yangi dala kiyim namunalari bilan tanishdi.