Payshanba kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining «Fonogramma tayyorlovchilarning manfaatlarini ularning fonogrammalarini noqonuniy takrorlanishidan muhofaza qilish to‘g‘risida"gi konvensiyaga (1971 yil 29 oktyabr, Jeneva), qo‘shilishi to‘g‘risida"gi masala ko‘rib chiqilib, qabul qilindi, deya xabar qildi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida.

Deputatning ma’lum qilishicha, 1971 yilning oktyabrida Jenevada imzolangan Fonogramma tayyorlovchilarning manfaatlarini ularning fonogrammalarini noqonuniy takrorlanishidan muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya turdosh huquqlar sohasidagi kelishuv hisoblanadi.

«So‘nggi yillarda ovozli yozuvlarni turli ko‘rinishdagi tashuvchilarda takrorlash imkonini beruvchi texnik vositalarning tez rivojlanib borishi arzon „qaroqchi“ disklarni ishlab chiqarish va tarqatish hajmining keskin ortishiga olib keldi va bu holat fonografik sanoat uchun jiddiy xavf sola boshladi. Ya’ni turli disk va fleshkalarda musiqalarni muallifning ruxsatisiz shunchaki ko‘chirib olish amaliyotini bunga misol qilib aytsak bo‘ladi», — deb yozadi deputat.

Rasul Kusherbayevning ta’kidlashicha, ayni paytda fonogrammalardan noqonuniy tarzda nusxa ko‘chirish va O‘zbekiston hududida mazkur fonogrammalarning kontrafakt nusxalarini tarqatish, shuningdek, ularni noqonuniy tarzda tarqatish kabi holatlar tufayli fonogramma tayyorlovchilarning huquqlari buzilmoqda. Shu munosabat bilan milliy fonogramma tayyorlovchilar mahsulotlarining xorijda tarqatilishida va xorijlik fonogramma tayyorlovchilar mahsulotlarining O‘zbeksiton hududida tarqatilishida har ikki toifa huquqlari himoyasini ta’minlash muhim ahamiyatga ega masala bo‘lib turibdi.

Konvensiya doirasida belgilangan asosiy majburiyatlarga ko‘ra, O‘zbekiston konvensiya ishtirokchisi hisoblangan boshqa davlatlarning fonogramma tayyorlovchilariga ularning fonogrammalaridan nosaksiyaviy nusxa ko‘chirilishi, shuningdek, ularni nosanksiyaviy tarzda tarqatish maqsadida respublikaga olib kirilishi va mazkur fonogrammalarning kontrafakt nusxalarini uning hududida tarqatilishidan muhofaza qilishni o‘z bo‘yniga oladi. Xuddi shu majburiyatlar konvensiyani imzolagan boshqa davlatlar uchun joriy etilgan bo‘lib, o‘z o‘rnida mazkur davlatlar hududida o‘zbekistonlik fonogramma tayyorlovchilar fonogrammalarining tarqatilishida ham yuqorida nazarda tutilgan muhofaza taqdim etiladi.

«Oddiy so‘z bilan aytganda, Jeneva konvensiyasi fonogrammalarning kontrafakt nusxalarini turli tegishli moddiy jismlarda tirajlashtirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan», — deydi Qonunchilik palatasi vakili.

Konvensiya 13 ta moddadan iborat bo‘lib, Jeneva konvensiyasiga ko‘ra chet ellik fonogrammaga bo‘lgan huquq egalari uchun milliy rejim miqyosida muhofaza taqdim etilishi talab etilmaydi, balki ishtirokchi-davlatlar zimmasiga fonogramma tayyorlovchilarga cheklangan xatti-harakatlar ro‘yxati bo‘yicha muhofaza taqdim etishni yuklaydi. Ya’ni:

  • fonogrammalar nusxalarini fonogramma tayyorlovchilarning ruxsatisiz ishlab chiqarish (nusxalarni tarqatish), agar nusxalar omma o‘rtasida tarqatish uchun ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa;
  • ishtirokchi-davlat hududida huquq egalarining ruxsatisiz ishlab chiqarilgan shunday nusxalarni olib kirish (import qilish), agar ushbu nusxalar omma o‘rtasida tarqatish uchun olib kirayotgan bo‘lsa;
  • huquq egalarining ruxsatisiz ishlab chiqarilgan fonogrammalarni omma o‘rtasida tarqatish.

Hozirgi kunda Konvensiyada 79 ta davlat, shu jumladan, MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlarining ko‘pchiligi (Armaniston, Ozarbayjon, Belorussiya, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Ukraina, Estoniya, Latviya, Litva, Moldova) ishtirok etmoqda. Fonogramma tayyorlovchi — fonogrammadagi ovozlarni birinchi bo‘lib yozgan jismoniy yoki yuridik shaxs hisoblanadi. Konvensiya fonogrammani alohida ovozli istalgan yozuv sifatida belgilaydi.

Fonogrammalar to‘g‘risidagi konvensiya biron-bir maxsus qoidalarni belgilamaydi, balki qaroqchilik harakatlarining oldini olish yoki bunday harakatlar uchun jazo tayinlashning yuridik mexanizmlarini tanlashni ahdlashayotgan tomonlar ixtiyorida qoldiradi.

Qaroqchilikka qarshi kurashni yanada keng ko‘lamda tashkil etish maqsadida mazkur xalqaro kelishuv Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarkibiga kiruvchi barcha mamlakatlar, BMTga aloqador har qanday ixtisoslashgan tashkilotlar, shuningdek, Xalqaro sud Ustavi ishtirokchisi bo‘lgan barcha mamlakatlar (dunyoning deyarli barcha mamlakatlari) uchun ochiqdir.

Fonogrammalar to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq muhofazani olish uchun faqatgina milliylik mezoniga javob berish talab etiladi. Biroq 1971 yilning oktyabrigacha birinchi qayd etish joyini hisobga olgan holda muhofaza taqdim etgan har qanday ishtirokchi-mamlakat BMT Bosh kotibiga deklaratsiya topshirish orqali mazkur mezonni qo‘llashi haqida ma’lum qilishi mumkin.

Shu tartibda nafaqat fonogrammalarni tarqatish (tirajlashtirish)dan, balki mazkur fonogrammalarni noqonuniy tarqatish, ularning dublikatlarini noqonuniy tarqatish, shuningdek, bunday dublikatlarni tarqatish maqsadida import qilishdan ham muhofaza kafolatlanadi (2-modda). Boshqa tomondan qaraganda, muhofaza darajasi fonogrammalardan ikkinchi bor foydalanilganda mukofot olinishini kafolatlamaydi. Fonogrammalar to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari qanday vositalar yordamida bajarilishi milliy qonunchilik ixtiyorida qoldirilgan. Muhofaza fonogrammalarga mualliflik huquqini taqdim etish, maxsus (turdosh) huquqlarni taqdim etish yo‘li bilan yoki insofsiz raqobat to‘g‘risidagi qonunlar me’yorlarini yoxud jarima sanksiyalarini qo‘llash vositasida amalga oshiriladi.

Fonogrammalar to‘g‘risidagi konvensiyada mualliflik huquqlarini ta’minlash borasidagi kabi cheklovlar ham belgilangan. Bordiyu, reproduksiya qilish ta’lim berish yoki ilmiy izlanish maqsadida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, mamlakat hududida majburiy litsenziyalashtirishdan foydalanishga ruxsat etilgan. Bunda mualliflik huquqi egasiga odilona miqdorda belgilangan mukofot to‘lanishi lozim.

Muhofazaning minimal amal qilish muddati: agar milliy qonunchilikda himoyalashning ma’lum muddati nazarda tutilgan bo‘lsa, muhofazaning minimal amal qilish muddati fonogramma birinchi bor yozilgan yil oxiridan yoki fonogramma birinchi bor e’lon qilingan yil oxiridan boshlab 20 yildan kam bo‘lmasligi kerak. O‘zbekiston qonunchiligida esa 50-yillik muhofaza muddati belgilangan.

Fonogrammalar to‘g‘risidagi konvensiyaga, shuningdek, ijrochilarga oid qoidalar ham kirilgan. 7-moddaga ko‘ra, mamlakatlarning milliy qonunchiligi zarurat paydo bo‘lganda fonogrammada ijrosi aks etgan ijrochilar uchun kafolatlangan muhofaza darajasini, shuningdek, bunday himoyani olish shartlarini belgilashi mumkin. Konvensiyada retrofaol muhofaza taqdim etilishi nazarda tutilmagan, ya’ni mamlakatning konvensiyaga qo‘shilish sanasigacha e’lon qilingan fonogrammalarga nisbatan muhofaza taqdim etishini talab etmaydi.

«Fonogramma tayyorlovchilarning xalqaro muhofazasi, shuningdek, fonogrammalardagi folklor asarlarni chet ellarda noqonuniy tarqatishdan muhofazalashga ham imkon yaratadi», — deya xulosa qiladi deputat.